20/10/2025

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF–173-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tuman va shaharlarda “Mahalla yettiligi” a’zolari uchun o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.

   Viloyat statistika boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur seminarlar davomida “Mahalla yettiligi” a’zolariga ro‘yxatga olish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish, so‘rovnomalarni to‘ldirish tartibi, elektron tizimlardan foydalanish hamda aholiga tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha zarur bilim va amaliy ko‘nikmalar berildi.

   Shuningdek, ro‘yxatga oluvchilar va nazoratchilarning mas’uliyati, aholining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash, aholiga murojaat madaniyati hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

  Seminar yakunida qatnashchilarga ro‘yxatga olish jarayonida faol ishtirok etish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z fikr va takliflarini bildirib, kelgusidagi amaliy yo‘nalishlarni aniqlab oldilar. Berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.

   Ushbu o‘quv mashg‘ulotlar 2026-yilda o‘tkaziladigan Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlariga sifatli tayyorgarlik ko‘rish hamda mahalla tizimi xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qiladi.