Joriy yilning 30-oktabr kuni boshqarmaning tarkibiy boʻlimlarida Oʻzbekiston Respublikasining oktabr oyida qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar muhokamasi boʻlib oʻtdi. Unda, boshqarmaning Bosh yuriskonsulti K.Gaynazarova tomonidan asosan Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-oktabrdagi “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1180, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1181, 20-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1183, 21-oktabrdagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritish haqida”gi OʻRQ-1184-son Qonunlari va boshqa qonun hujjatlari haqida maʼlumot berildi.
OʻRQ-1184-son Qonuni bilan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi oʻrniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishini, Ng chiqarib tashlanishi, Sh, Ch, Oʻ va Gʻ birikmalari oʻrniga yangi harflar kiritilishi toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Shu bilan birga, mashgʻulotda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida biznesni roʻyxatga olishni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 557-son qarori boʻyicha ham batafsil tushuntirishlar berildi. Jumladan, roʻyxatga olish 2026-yil 1 oktabr holatiga oʻtkazilishi, davlat roʻyxatidan oʻtgan yoki oʻtmaganligi, mulkchilik shakli va rezidentlik maqomidan qatʼi nazar, barcha iqtisodiy birliklar, shuningdek roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgan subyektlar ham roʻyxatga olinishi qayd etildi.





