26/11/2024

     Joriy yilning 26- noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi tomonidan universitet talabalariga davra suhbati tashkil etildi. 

     Tadbirda Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari B. Maxkamov hamda boshqarmaning tarmoq bo‘lim boshliqlari, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.

     Davra suhbatini Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari B. Maxkamov ochib berib, kun tartibidagi masalalar bo‘yicha ishtirokchilarga ma’lumotlar berdi.

      Davra suhbatida dastlab boshqarmaning Statistika faoliyatini tashkil etish va yig‘ma axborot-tahliliy ishlar bo‘limi boshlig‘i A. Mamatqobilov so‘zga chiqib, Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasining ish faoliyati, tuzilmasi va tarkibi, davlat statistika hisoboti shakllari va turlari, ularning muddatlari to‘g‘risida umumiy tushunchalarni berib o‘tdi. 

      Shuningdek, Xizmatlar sohasi statistikasi bo‘limi boshlig‘i A. Kurbanov so‘zga chiqib, Xizmatlar sohasi statistikasi koʻrsatkichlarini shakllantirishda qoʻllaniladigan hisobot va kuzatuv shakllari mavzusida ma’ruza qildi.

      Muloqot davomida Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi G‘. Sanginov aholini ro‘yxatga olishni mazmun-mohiyati, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026- yilning 15- iyulidan 21- avgustiga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilayotganligi, ushbu tadbirni o‘tkazishda targ‘ibot-tashviqot ishlari davom etayotganligi va puxta tayyorgalik olib borilayotganligi, shuningdek, aholini ro‘yxatga olish aholi jon boshiga iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini hisoblashda Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida xizmat qilishi, aholi punktlarining infratuzilmasini uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqishda ishlatilishini ta’kidlab batafsil ma’lumotlarni berib o‘tdi.

     Davra suhbati qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Davra suhbati yakunida, berilgan maʼlumotlar asosida talabalarning fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi va ularni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.