29/01/2024

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda statistika sohasini yangi bosqichga koʻtarish va tubdan isloh qilish, tizimga ilgʻor texnologiyalarni keng joriy qilish orqali rasmiy statistikaning sifati va unga boʻlgan ishonchni yanada oshirish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

    Ayniqsa, “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonun va statistika sohasini rivojlantirish boʻyicha milliy strategiyaning qabul qilinishi sohadagi tizimli yangilanishlarni yanada samarali amalga oshirish imkonini yaratdi. Shuningdek, Davlat statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga aylantirildi.

    Shu bilan birga, maʼmuriy islohotlar doirasida statistika organlari faoliyatini yangilangan talablar asosida tashkil etish va ularning mustaqilligini yanada kuchaytirish, sohaga xalqaro sifat modellari hamda raqamli texnologiyalarni keng qoʻllash orqali statistika maʼlumotlarining ishonchliligi va sifatini yanada oshirish zarurati yuzaga kelayotgan edi.

    Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qarori qabul qilindi. Unda milliy statistika tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari hamda infratuzilmasini takomillashtirish, raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga katta eʼtibor qaratilgan.

    Xususan, prezident qarori bilan Statistika agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi, agentlikning tashkiliy tuzilmasi va nizomi tasdiqlandi.

    Shuningdek, rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish
va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” hamda Statistika agentligining 2024-2025-yillarda erishishi lozim boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) belgilab qoʻyildi.

    Bundan tashqari, milliy statistika tizimini samarali tashkil etishda koʻmaklashish hamda faoliyatni muvofiqlashtirish ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida, Statistika agentligi huzuridagi Statistika kengashi yangilangan tarkibda tashkil etilib, uning vakolat va majburiyatlari mustahkamlab qoʻyildi.

    Qarorga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy statistika sifatini taʼminlash boʻyicha bazaviy prinsiplarini milliy statistika tizimiga joriy etish maqsadida:

    statistika maʼlumotlarini xalqaro GSBPM modeli asosida shakllantirilishi yoʻlga qoʻyiladi;

    rasmiy statistikani tayyorlovchilarning har birida rasmiy statistikada sifat va tarqatish siyosatlari ishlab chiqiladi;

    xalqaro ekspertlarni keng jalb etgan holda milliy statistika tizimini global baholashdan oʻtkazish tashkil etiladi.

    Shu bilan birga, sohaga autsorsing tizimini joriy etish maqsadida, statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.

   Tizimda integratsiya jarayonlari tubdan yaxshilanadi. Jumladan, “Statistika” integrallashgan axborot tizimini 6 ta vazirlik va idoralar axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga hamda “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo axborot platformasiga integratsiya qilish yoʻlga qoʻyiladi.

    Bundan tashqari, foydalanuvchilarning statistika maʼlumotlaridan qoniqish darajasini aniqlash va oshirib borish maqsadida, Statistika agentligi tomonidan “Rasmiy statistika maʼlumotlariga boʻlgan ishonch indeksi” uslubiyoti ishlab chiqiladi hamda 2025-yildan boshlab, har yili foydalanuvchilar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazilib, natijalari eʼlon qilib boriladi.

    Tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, har yili aholining minimal isteʼmol xarajatlari qiymati hamda kambagʻallik darajasi koʻrsatkichlari shakllantiriladi va eʼlon qilib boriladi.

    Shuningdek, qaror bilan Statistika agentligi vakolatlari, majburiyatlari
va hisobdorligi yanada mustahkamlab qoʻyildi.

    Xususan, agentlik rasmiy statistika sohasida davlat siyosatini amalga oshirishi, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita boʻysunishi va unga hisobot taqdim etishi, statistika ishlarining bajarilishi toʻgʻrisida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobot berib borishi belgilab qoʻyildi.

    Qaror bilan oʻrnatilayotgan tartibga muvofiq:

    agentlik oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi;

    statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, shu jumladan, statistika kuzatuvlarini oʻtkazish, statistika maʼlumotlarini tayyorlash va eʼlon qilish jarayonlariga har qanday aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi;

    agentlik tomonidan shakllantiriladigan statistika maʼlumotlari rasmiy statistika axboroti sifatida eʼlon qilinadi.

    Oʻz navbatida, sohada kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi, xodimlarni qayta tayyorlash, vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari malakasini oshirish ishlari tashkil etiladi, bu borada xorijiy hamkorlar, shu jumladan Koreya Respublikasining Statistika trening instituti va Statistik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlik oʻrnatiladi.

    Shunday qilib, ushbu islohotlar Yangi Oʻzbekiston sharoitida statistika sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali boshqaruv tizimini shakllantirish imkonini beradi, amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning shaffofligi esa xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekiston statistikasiga boʻlgan ishonchini yanada oshiradi.