Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 23–25-avgust kunlari Tailandning Bangkok shahrida boʻlib oʻtayotgan yuqori darajadagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) Statistika qoʻmitasining 8-sessiyada ishtirok etmoqda.
Maʼlumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) 1947-yil 28-martda tashkil topgan. Komissiyaning bosh qarorgohi Bangkokda joylashgan. ESKATO geografik qamrov va aholi soni boʻyicha BMTning beshta mintaqaviy komissiyasidan eng yirigi hisoblanadi. Komissiya 53 ta ovoz beruvchi mamlakatdan, jumladan, MDH davlatidan sakkizta (Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiz R., Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston) davlatlaridan iborat. Oʻzbekiston Respublikasi 1992-yil 31-iyuldan boshlab mazkur komissiyaning faol aʼzosi hisoblanadi.
Tarmoqlararo hamkorlik masalalari boʻyicha 9 ta tarmoq qoʻmitalarining hisobdor komissiyalari, shu jumladan Statistika qoʻmitasi ish olib boradi. Statistika qoʻmitasi ESKATOning statistika masalalari boʻyicha ijro etuvchi organi hisoblanadi. Statistika qoʻmitasi Byurosi esa qoʻmitaning faoliyatiga doir muhim qarorlar qabul qilish va uning sessiyalarini boshqarish vakolatiga ega boʻlgan oliy organ hisoblanadi.
Mazkur anjumanda aʼzo-davlatlarning statistika tizimini takomillashtirish borasidagi tajribasi, mintaqaviy innovatsion tashabbuslarni amalga oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning statistik jihatlari, tashkilotlar doirasidagi pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, statistik tizimlar oʻrtasidagi interaktiv muloqotni kengaytirish va boshqa masalalar koʻrib chiqiladi.
ESKATO Statistika qoʻmitasining 8-sessiyasi kun tartibidan oʻrin olgan masalalar:
- mintaqadagi milliy statistika tizimlarini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar;
- 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha qabul qilingan hujjatlar va deklaratsiyalar asosida milliy statistika tizimlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar;
- aholining tabiiy harakati va fuqarolikni roʻyxatga olish hisobini yuritish borasida “Holatni statistikada toʻliq aks ettirish” tashabbusining ijrosi.
- mintaqaviy tashabbuslar va hamkorlik natijalari.
Sessiya kun tartibidan Oʻzbekiston delegatsiyasining ESKATO Statistika qoʻmitasi va Statistika intituti (UNISAP) rahbariyati, shuningdek, Malayziya, Hindiston hamda Koreya statistika idoralari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham oʻrin olgan.
Sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovichning “Oʻzbekiston statistika tizimi” mavzusidagi taqdimoti boʻlib oʻtadi.
Uchrashuvlar yakuni va oʻzaro erishilgan kelivushlar natijalariga koʻra, ularni amalga oshirish borasida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.