26/05/2022

Mazkur xalqaro konferensiyani oʻtkazishdan asosiy maqsad – Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasida barqaror va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlashdan iborat.

Konferensiyaning “Siyosat uchun dalillarni olish” sessiyasida Davlat statistika qoʻmitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich maʼruza qildi. Qoʻmita raisi Oʻzbekistonda milliy statistika tizimi faoliyatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi, shuningdek, Markaziy Osiyoda maʼlumotlar va dalillarni olish borasidagi erishilgan natijalar va istiqbollar hamda “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” dasturini qoʻllab-quvvatlab, bu borada puxta oʻylangan, asosli strategik qarorlarni qabul qilish uchun hukumat va jamoatchilikka ishonchli, xolis va shaffof statistika maʼlumotlarini taqdim etishga erishish borasida soʻz yuritdi.

Shuningdek, mazkur sessiyada Qozogʻiston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi Milliy statistika byurosi rahbari J. Shaymardanov, Qirgʻiz Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari A. Orozbayeva hamda Tojikiston Respublikasi Statistika agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Sh. Shokirzoda soʻzga chiqishdi.

“Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturi boʻyicha tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyada butun mintaqadan faktlarga asoslangan siyosat va islohotlarni ishlab chiqish boʻyicha ekspertlar ishtirok etdi.

Konferensiya ishtirokchilari maʼlumotlarni ishlab chiqarish, tahlil qilish va davlat siyosatida, oqilona va puxta oʻylangan strategik qarorlar qabul qilishda maʼlumotlardan samarali foydalanish, faktlarga asoslangan siyosatni amalga oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish masalalarida oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.