Sirdaryo viloyati statistika hamda viloyat turizm boshqarmalari hamkorligida Sirdaryo viloyati hududiga kirish va chiqishga oid turizm bo‘yicha tanlanma kuzatuvlar o'tkazilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparatidan biriktirilgan vakil – Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi tashqi va ichki savdo yig'ma ishlari tahlil bo'limi boshlig'i o'rinbosari A.Eshboyev hamda Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o'rinbosari S.Yaxyayev va Viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasining mas’ul rahbarlari tomonidan, mazkur kuzatuvlarni samarali tashkil etish maqsadida supervayzerlar, ishchi guruh a`zolari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.
Aytish kerakki, mazkur kuzatuvlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish va chiqishga oid turizm bo‘yicha tanlanma kuzatuv o‘tkazish tartibini belgilaydi. Shuningdek, respublika eksportida turizm hajmining to‘liq hisobga olinishini, turizm statistikasi ko‘rsatkichlari va turizm yordamchi hisobini shakllantirishni ta’minlaydi.
Kuzatuv natijasi asosida turistlar oqimi, turistlarning safar maqsadi va davomiyligi, respublika hududida chet ellik turistlarning hamda va chet elga safar qilgan O‘zbekiston rezidentlarining amalga oshirgan sarf-xarajatlari tarkibi kabi ma’lumotlar shakllanadi.
Respublikaning turizm bo‘yicha eksport-import ko‘rsatkichi tanlanma kuzatuv natijalari asosida bitta tashrif buyuruvchiga to‘gri keladigan o‘rtacha xarajatdan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Kuzatuvni tashkil qilish va o‘tkazish Turizm va madaniy meros hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.