26/04/2022

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida statistik ma’lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 104-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida 2024 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish tadbiri amalga oshiriladi.

 Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 apreldagi “O‘zbekistonda sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 197- son qaroriga asosan 2022 yilning avgust oyida Samarqand viloyatining Jomboy tumani hamda Toshkent viloyatining Parkent tumanida sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazish belgilandi.

 Qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi sohasida statistik ma’lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish qishloq xo‘jaligi faoliyatining quyidagi asosiy ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi:

▫️qishloq xo‘jaligi ob’yektlarining iqtisodiy faoliyat turlari;

▫️ mehnat resurslari va ularning demografik xususiyatlari;

▫️ yer resurslari va ulardan foydalanish holati;

▫️ qishloq xo‘jaligi ekinlarining maydoni;

▫️ issiqxonalar maydoni va boshqalar.

 Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ – Davlat statistika qo‘mitasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.