Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasida 2021- yil 7- sentabr kuni boshqarma hamda tuman (shahar) statistika bo‘limi xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining 2021- yil 11- avgustda qabul qilingan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi O‘RQ-707-son Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 6- iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-son Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5177-son qarorining mazmuni va mohiyati haqida VEB-SEMINAR o‘tkazildi.
VEB-SEMINAR davomida “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonunda berilgan asosiy tushunchalar, rasmiy statistikaning asosiy prinsiplari, davlat statistika organlarining huquq va majburiyatlari, statistik ma’lumotlaridan foydalanish tartibi, maxfiylikni ta’minlash va boshqalar to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, VEB-SEMINARDA korrupsiyaga qarshi kurashishga oid prezident farmoni va qarorining mazmuni va ahamiyati bo‘yicha ma’ruza qilindi. Prezident farmonida mamlakat rivojlanishning bugungi bosqichida korrupsiya O‘zbekiston davlati va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligi va korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarning eng ustuvor vazifasi etib qayd etildi.
Tadbir davomida mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xodimlarga tushuntirish bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan targ‘ibot materiallari to‘plami (annotasiya, slayd, infografika)dan keng foydalanildi.
VEB-SEMINAR savol-javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.