01/07/2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi

Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim!

Sizlarni va butun O‘zbekiston yoshlarini bugungi qutlug‘ bayram – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, ushbu ayyom O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotgani unga yanada chuqur mazmun va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda.

Shu kunlarda eng ulug‘ va eng aziz bayramimizni munosib kutib olish maqsadida butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi-yangi sanoat korxonalari, zamonaviy uy-joylar, kommunikatsiya va infratuzilma tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etilmoqda. Albatta, butun xalqimiz qatori sizlar ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etmoqdasiz.

Yurtimiz bo‘ylab 6 millionga yaqin g‘ayrati baland, intiluvchan o‘g‘il-qizlarimiz ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan festivallar barcha yoshlarimiz uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘ldi. Ushbu festivallar bundan buyon nafaqat viloyat markazlarida, balki har bir tuman va shaharda o‘tkazib boriladi va ularda ko‘tarilgan masalalar yechimi bo‘yicha har yili Hukumat alohida dasturlar qabul qiladi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida siz, aziz yoshlarimizning qudratli to‘lqin bo‘lib maydonga chiqayotganingiz yuksak tahsinga sazovordir.

Albatta, yoshlikka xos shijoat, jo‘shqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib yashashi kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida avvalo ona Vatanga, xalqqa xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam ekanini ko‘ramiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek ma’rifatparvar adib va olimlar mashhur ilmiy kashfiyotlarini, o‘lmas badiiy asarlarini aynan sizlarning yoshingizda yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz.

Bizning tomirlarimizda ana shunday ulug‘ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir.

Bugun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renassans poydevorini yaratish yo‘lida katta qadamlar qo‘ymoqdamiz.

Bu borada yurtimizda mutlaqo yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratilganini ta’kidlash lozim. Ushbu maktablarda ta’lim olayotgan ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqdalar.

Misol uchun, Andijondan Durdona Muxtorxo‘jayeva, Buxorodan Firdavs Sobirov, Doniyor Ismoilov, Sirdaryodan Ilg‘or Qodirqulov, Nabixon Nabixonov, Toshkent shahridan Nodira Sa’dullayeva, Iskandar Bo‘riyev, Dilshod Xo‘jaqulov, Rail Xashayev fizika, matematika va kimyo bo‘yicha xalqaro olimpiadalarning oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldilar. Bunday zukko va bilimdon farzandlarimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Fursatdan foydalanib, ularning ana shunday yutuqlarga erishishiga katta hissa qo‘shgan jonkuyar ota-onalariga, zahmatkash ustoz va murabbiylariga ham o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Endigi muhim vazifamiz – mana shunday farzandlarimiz orasidan yangi avlod beruniylarini, ibn sino va ulug‘beklarini, xorazmiy va farg‘oniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat. Bu yo‘nalishda “Beruniy izdoshlari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Alisher Navoiy davomchilari” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

So‘nggi yillarda yoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Xabaringiz bor, yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong boshliq rasmiy delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Suhbat chog‘ida u kishi bir fikrni afsus bilan ta’kidladi. Ya’ni, sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo‘yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan. Oliy martabali mehmon O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi. Bu – katta e’tirof, albatta.

Biz bu g‘oyat muhim yo‘nalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda, Parlamentlararo ittifoq ko‘magida “Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz. Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz.

Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli, fidoyi o‘g‘il-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi.

Shu bilan birga, mahalliy kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz.

Bugun shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi jonbozlik ko‘rsatib xizmat qilmoqda. Masalan, Sherzod Rahmonov – Narpay tumanida, Sarvarbek Sultonov – Shirin shahrida va Elbek Shukurov – Sergeli tumanida hokim vazifasida, Durdona Rahimova – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Odiljon Tojiyev – Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Shu bilan birga, ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qimoqda, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda. Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan yoshlarimizning Vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizim joriy etamiz.

Umuman, yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz. Buning uchun, viloyat, tuman va shahar kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydi. Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi. Shuningdek, respublikamizda ishlayotgan, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o‘z hududi va tizimiga ana shunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va rag‘batlantirish bilan bog‘liq masalalarni hal qiladi.

Muhtaram anjuman qatnashchilari!

O‘tgan yili dekabr oyida mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilgan Yoshlar forumi millionlab o‘g‘il-qizlarimiz hayotida yorqin iz qoldirdi. Barcha shahar va tumanlarda tashkil etilgan bunday anjumanlarda yoshlarimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning aksariyati “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturidan joy oldi.

Aziz yoshlar, shu o‘rinda bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni istardim. Biz O‘zbekistonda har bir yilga qanday nom berishimizdan qat’i nazar, yoshlarning bilim va kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish va turmush sharoiti yaratish masalasi doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi. Bundan buyon har bir viloyat, shahar va tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar tomonidan berilgan takliflar asosida, bu yo‘nalishda alohida dasturlar qabul qilinadi va ularning ijrosi yil davomida muntazam nazorat etib boriladi.

Bugun hayotimizning qaysi soha va tarmog‘ini olmaylik, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik asosiy o‘ringa ko‘tarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. So‘nggi 4 yilda 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko‘payib, ular 500 mingdan oshgani, buning yaqqol dalilidir.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokida zamonaviy korxonalar barpo etib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, o‘z mahsulotlarini eksport qilayotgan tadbirkor yoshlarimiz safi kun sayin kengayib bormoqda. Misol uchun, Samarqand tumanida – Muzrob Toshev, Rishtonda – Xurshid Normatov, Urgutda – Majidxon Islomov, Xo‘jaobodda – Nuriddin Abdurahmonov, Hazoraspda – Dilshodbek Hojiyev singari izlanuvchan yoshlarimiz havas qilsa arziydigan natijalarga erishmoqda.

bugungi bayram munosabati bilan mana shunday salohiyatli yoshlarimizning bir guruhi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani albatta barchamizni mamnun etadi.

Albatta, bunday o‘g‘il-qizlarimiz – zamonamizning yosh qahramonlaridir. Ularning dastlabki, ammo umidbaxsh yutuqlari haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatuvlar, maqola va suhbatlar tashkil etib, amalga oshirayotgan ibratli ishlarini keng jamoatchilik, avvalo, tengdoshlari o‘rtasida targ‘ib etish ayni muddao bo‘ladi.

Qadrli yoshlar!

Xabaringiz bor, keyingi paytlarda kelajagimiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” hayotga tatbiq etilmoqda.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida o‘tgan 8 oy mobaynida “Yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari bo‘lgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt puli to‘lab berildi.

Bundan buyon har qanday investitsiya loyihasining bosh maqsadi, avvalo, yoshlar bandligi masalasini hal etishga qaratilishi kerak. Bu hamma joyda o‘zgarmas qoidaga aylanishi zarur.

Yoshlarni ish bilan ta’minlash, zarur kasb-hunarlarga o‘rgatish uchun joylarda hokimlar va sektor rahbarlari mas’ul va javobgardir.

Xabaringiz bor, bu yildan boshlab, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan to‘liq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard so‘m, kelgusi yilda esa 500 milliard so‘m mablag‘ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi. Shuningdek, kasb-hunar maktabi va texnikumlar o‘quvchilariga korxonalarda amaliyot o‘tagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming so‘mdan subsidiya berish joriy etilgani, yoshlar va ularning ota-onalar uchun katta rag‘bat bo‘ldi.

Bundan tashqari, yotoqxona bilan ta’minlanmagan 62 ming nafar talabaga oylik ijara to‘lovining 50 foizini byudjetdan qoplab berish boshlandi. Shu bilan birga, bu yilning o‘zida 92 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun, 2 trillion 300 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.

Hududlarda tashkil etilgan 186 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”dagi 3 mingta loyiha doirasida yoshlarimiz uchun 50 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Hurmatli yosh do‘stlarim!

bugungi murakkab zamonda yoshlarni jismoniy va ma’naviy barkamol insonlar etib tarbiyalash biz uchun g‘oyat muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu borada ba’zi misollarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Keyingi bir yilda bilimli va tirishqoq yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar o‘quvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida o‘qishga kirdi. Misol uchun, Toshkent shahridan Temurbek Sulaymonov – 26 ta, Qoraqalpog‘istondan Nursultan Duysenbayev – 16 ta, Xorazmdan Charosxon O‘ktamboyeva – 8 ta, Namangandan Robiyaxon Nabijonova – 5 ta, Andijondan o‘rta maktab o‘quvchisi Visola Asadullayeva – 12 ta nufuzli xorijiy oliygohga o‘qishga qabul qilingan.

Ta’kidlash joizki, bunday natijalar ilgari tariximizda hech qachon bo‘lmagan.

Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochildi. Shuningdek, keyingi 5 yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. Vaholanki, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.

Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy e’tiborimiz namunasidir.

Mana, kuni kecha mamlakatimizda yana bir oliy ta’lim maskani – “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi va unga ko‘p yillar Yevropadagi eng nufuzli universitetlardan birini boshqargan germaniyalik taniqli professor rektor sifatida tanlandi.

Dunyoning yetakchi o‘quv va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan ushbu universitetga joriy yilda 300 nafar yoshlar qabul qilinadi.

Ma’lumki, bu yil mamlakatimizda maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Shu bois yoshlarning bandligini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Bu borada quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratamiz.

Birinchidan, har o‘quv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini ta’minlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Dasturda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qanchasini ish bilan ta’minlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish belgilanishi shart. Bu bizning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “bandlik”, “innovatsiya” va “investitsiya” dasturimiz bo‘lib xizmat qiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari har haftada bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning g‘oya, taklif va tashabbuslarini eshitib, muammolarini hal qilishga mas’ul va javobgar bo‘ladi.

Ikkinchidan, bugungi kunda oliy ma’lumot talab qiladigan 80 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Misol uchun, transport, geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, sport sohalarida bilim va malakasi yetarli bo‘laturib, oliy ma’lumoti yo‘qligi uchun minglab yoshlarimiz ishga kira olmayapti.

Shu bois joriy yilda oliy ma’lumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularning kamida 150 tasi bo‘yicha bunday talab bekor qilinadi. Bunday yengillik tufayli 10 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashadi.

Uchinchidan, maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu borada Andijon viloyatida jami 41 ming maktab bitiruvchilarining 25 ming nafarini kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha shakllangan tajriba barcha hududlarda keng qo‘llanishi kerak.

Bundan buyon maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘ladi. Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari har yili 1 sentyabrga qadar maktablar kesimida 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish bo‘yicha ro‘yxat va dasturni mahalliy kengashlarda muhokama qilib, tasdiqlaydi. Parlamentimiz palatalari ushbu talabni qonun darajasida mustahkamlashi maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

O‘ylaymanki, ushbu tashabbusni barcha ota-onalar qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj bo‘lmaydi, buzg‘unchi g‘oyalarga berilmaydi, hayotda albatta o‘z yo‘lini topadi.

To‘rtinchidan, qishloqlarda yashayotgan 230 mingdan ortiq ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun joriy yilda 61 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun berildi.

Joriy yilda boshlagan yer islohotimiz doirasida paxta va g‘alladan qisqaradigan maydonlarda oziq-ovqat ekinlari yetishtirish uchun yerlarni 10 yil muddatga ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa viloyat va tuman hokimlari, sektor rahbarlari uchun yana 500 ming nafar yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Beshinchidan, yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar va lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruksiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etiladi.

Bunda hokimlar va sektor rahbarlari Kasaba uyushmasi va Buxoro viloyati hokimligi boshlagan Olot tajribasini o‘z hududida yo‘lga qo‘yishlari shart.

Oltinchidan, axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.

Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi.

Kelgusi yili Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ham shunday texnoparklar barpo etiladi. Shuningdek, yoshlarning startap g‘oyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga byudjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratamiz.

Viloyat hokimlari yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan g‘oliblarga mahalliy byudjetdan grantlar berib boradi. Bitta grantning summasi o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi. Bu ishlarni samarali tashkil etishga Axborot texnologiyalari va Innovatsiion rivojlanish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamda ularning quyi tuzilmalari mas’ul bo‘ladi.

Yettinchidan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash Milliy bank raisi A.Mirsoatov va bankning barcha filiallari rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilanadi.

Bunda yoshlarni biznesga o‘qitish, “Loyihalar fabrika”larida ilgari surilayotgan yangi g‘oyalar asosida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish bo‘yicha doimiy ishlaydigan hamda yoshlarga qulay va qiziqarli bo‘lgan yangi tizim yaratish zarur.

Shuningdek, bank tomonidan xorijdagi yoshlarimizga Vatanimizga qaytib ishlash, o‘z biznesini tashkil etish, uy-joy sharoitlari bo‘yicha yordam berishga qaratilgan ishlar yo‘lga qo‘yilishi kerak. Ana shu ishlarni moliyalashtirish maqsadida byudjetdan qo‘shimcha ravishda 100 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, avvalgi forumda ajratilgan 100 million dollar ayni paytda yosh tadbirkorlar tomonidan o‘zlashtirilmoqda.

Milliy bank, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi nufuzli xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish bo‘yicha yangi biznes maktab tashkil etadi. Kelgusi yildan boshlab barcha hududlarda ushbu biznes maktabning filiallari ochiladi.

Ana shu yangi tizimni tashkil etish vazifasi Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqovga topshiriladi.

Aziz yoshlar!

Men har gal sizlar bilan uchrashganimda, “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” degan so‘zlarni takrorlashdan aslo charchamayman:

O‘zingiz ko‘ryapsiz, dunyoda o‘qigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, yosh avlodini ayni shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanmoqda.

O‘zbekiston yoshlari ham ana shunday yuksak darajalarga ko‘tarilishi uchun biz albatta barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Bu borada ayniqsa quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Birinchidan, iqtidorli, lekin oliygohda kontrakt asosida o‘qish imkoniyati bo‘lmagan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratamiz.

Ma’lumki, bugungi kunda ota-onalar farzandini oliygohda o‘qitish uchun 22-28 foiz stavkada ta’lim kreditini 3 yil muddatga olmoqdalar. Lekin, bu hammaga, ayniqsa, uzoq va chekka joylarda yashaydigan oilalarga og‘irlik qilayotgani bor gap.

Shuni hisobga olib, yangi o‘quv yilidan boshlab barcha uchun ta’lim krediti imtiyozli shartlarda 7 yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, ya’ni, joriy yilda 14 foiz stavkada ajratiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, ta’lim kreditlarini qoplash uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar daromad solig‘idan ham ozod qilinadi.

Bundan tashqari, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga, oliygohdagi o‘qishning birinchi yili uchun kontraktni byudjetdan to‘lab berish tartibi joriy etiladi.

Ikkinchidan, maktablarda o‘quvchilarni kompyuterdan shunchaki foydalanuvchi emas, balki undan daromad topadigan mutaxassislar qilib tayyorlashimiz zarur.

Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar umumta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanadi. Respublikamiz bo‘yicha qo‘shimcha 5 mingta kompyuter sinflari tashkil etiladi.

Maktablarda axborot texnologiyalari darslari zamonaviy “Kembrij” dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi va ўқит́uвчилар ham, ushbu dasturlar asosida qayta tayyorlanadi. Xuddi shunday tizim barcha oliygohlarda ham joriy qilinadi.

Uchinchidan, yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Bunda ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratiladi va ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.

“Daftarlar”ga kirgan oilalarning yangi turmush qurayotgan farzandlariga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy tiklab olishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, o‘tgan yilgi tajriba asosida “Temir daftar”da qayd etilgan oilalarning har bir farzandiga o‘quv qurollari va maktab formasi sotib olish uchun avgust oyida 500 ming so‘mdan moddiy yordam beriladi.

Aziz farzandlarim!

Meni doimo o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan yana bir dolzarb masala bu – yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir so‘z bilan aytganda, tarbiyasi bilan bog‘liq. Biz bu yo‘nalishda katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ammo ularning samaradorligini yanada kuchaytirish uchun quyidagi masalalarga jiddiy e’tibor berishimiz zarur.

Birinchidan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Farzandlarimizga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlarni ko‘paytirish va ularning mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda mualliflarga birinchi o‘rin uchun – 100 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun – 75 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun – 50 million so‘m mukofot beriladi.

Ikkinchidan, bugun sizlar bilan jamoatchilikni bezovta qilayotgan ayrim muammolar yechimi bo‘yicha ham fikrlashib olishimiz zarur.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzg‘unchi va radikal oqimlar ta’siriga tushish holatlari davom etayotgani, davlat rahbari sifatida shaxsan meni jiddiy tashvishga solmoqda. O‘tgan 5 oyda 7 mingdan ziyod yoshlar jinoyat sodir etgani, hozirgi vaqtda qariyb 40 ming nafar yoshlar profilaktik hisobda turgani ham xavotirimiz bejiz emasligini ko‘rsatmoqda.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan xunuk voqealar, ya’ni, joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan noma’qul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi. Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, o‘qituvchi va muallimlari¸ qolaversa, mahalla-ko‘y, yoshlar bilan ishlaydigan mas’ul mutasaddilar qayerga qarayapti?

Vatanimiz yoshlariga mutlaqo yarashmaydigan, barchamizga isnod keltiradigan bunday salbiy ko‘rinishlarga jamiyatimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi zarur. Kerak bo‘lsa, biz xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda bo‘ladigan kimsalarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytiramiz. Bunday buzg‘unchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Bu borada meni bir narsa chuqur o‘ylantiradi. Nima uchun yoshlar tarbiyasiga bevosita mas’ul va javobgar bo‘lgan tashkilotlar, ota-onalar, pedagogik jamoalar bu masala bo‘yicha tezkor va prinsipial munosabat bildirmayapti?

Hozirgi g‘oyat murakkab davrning keskin talabi shundayki, har qanday imkoniyat va minbardan foydalanib, islohotlarimizga xalaqit berayotgan barcha muammo va kamchiliklarni birgalikda, ochiq va oshkora muhokama qilishimiz lozim. Chunki bu ishlarni o‘zimiz qilmasak, chetdan kelib hech kim biz uchun qilib bermaydi. Shuning uchun Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, viloyat, tuman va shahar hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha muovinlari, oliygohlardagi tegishli prorektorlarning maqomi, vakolati va mas’uliyatini oshirish, ish uslublarini o‘zgartirish va mutlaqo takomillashtirish kerak.

Parlament palatalari ana shunday mutasaddi rahbarlar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va ularning hisobotlarini eshitib borish tartibini joriy etishi o‘rinli bo‘lardi. Hukumat esa shu asosda ularning vakolatlarini kengaytirish, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirishi lozim.

Davlat boshqaruvi akademiyasida yoshlar masalasiga mutasaddi barcha rahbarlarning bilim va malakasini oshirish uchun o‘quv kurslari tashkil etilishi kerak. Ular o‘z viloyati va tumanlari, maktab, kollej, texnikum, oliygohlardagi yoshlarning ma’naviy tarbiyasi uchun bevosita mas’ul bo‘lib, har oyda tahliliy muhokamalar o‘tkazishi va mahalliy kengashlarda hisobot berib borishi darkor.

bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash naqadar muhim ekanini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.

Mintaqamiz va dunyodagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. Milliy xavfsizligimiz, tinch va osoyishta hayotimizga nisbatan tahdid va xatarlar kuchaymoqda.

Mana, o‘zingiz televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘ryapsiz, qo‘shni Afg‘onistondagi ahvol murakkablashib bormoqda. Bunday vaziyat Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bilan uyg‘un holda olib borishni talab etmoqda. Shu bois hushyorlik va ogohlikni oshirish, o‘zaro hamjihatlik va birdamligimizni mustahkamlash, har qanday tahdidlarga munosib javob berishga tayyor bo‘lib yashash hayotning o‘tkir zaruratiga aylanmoqda.

Yosh avlodning ongini salbiy ta’sirlardan himoya qilish, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish o‘zini vatanparvar deb hisoblaydigan har bir O‘zbekiston fuqarosi, ayniqsa yoshlarning asosiy burchi bo‘lib qolishi shart.

Hozirgi vaqtda milliy armiyamiz, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, chegara qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiylarimiz chinakam Vatan o‘g‘lonlari, jasur ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanini amalda isbotlamoqda. Ular xalqaro harbiy musobaqalarda, jahon sport maydonlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotganlarini barchamiz yaxshi bilamiz.

Xabaringiz bor, harbiylarimizning jismoniy va ma’naviy salohiyatini oshirish maqsadida Jasorat maktabini yaratishga qaror qilgan edik. Bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. Shu bilan birga, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Buyuk sarkardalarimizning jang san’ati, harbiy sohadagi bilim va tajribasi, eng muhimi, vatanparvarlik fazilatlari har bir yurtimiz o‘g‘loni uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilishi kerak. Ularning jangovar an’analarini bugun kim davom ettiradi? Sizlar, sizlar kabi millionlab farzandlarimiz, albatta.

Yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning muammolarini o‘rganib, hal qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sportga jalb etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratishimiz zarur. Shu maqsadda Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan o‘g‘loni” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish haqidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman. Harakatning har bir maktabda tuziladigan otryadlari jami 200 mingdan ortiq o‘quvchilarni qamrab olib, ularni tarbiyalashda asosiy kuchga aylanishi kerak.

Mudofaa va Xalq ta’limi vazirliklari viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ushbu tizimni samarali yo‘lga qo‘yishga mas’ul bo‘ladi.

Uchinchidan, madaniyat, san’at, ilm-fan, ta’lim sohasida o‘z iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar uchun zarur sharoitlarni yaratish hududlar hamda vazirlik va idoralar rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi shart.

Shu maqsadda Bo‘stonliq tumanida, O‘zbekiston metallurgiya kombinatining “Yoshlik oromgohi” negizida yil davomida faoliyat yuritadigan Respublika iqtidorli yoshlar oromgohi tashkil etiladi. Oromgoh Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar agentligi tasarrufida bo‘lib, uning barcha xarajatlari “O‘zmetkombinat” tomonidan moliyalashtiriladi.

Bu maskanda, yoshlarimiz yil davomida aniq fanlar bilan birga, badiiy adabiyot, tasviriy san’at va musiqa bo‘yicha ham bilim va malakasini oshiradi. Har yili ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida festivallar tashkil etiladi.

Asrlar davomida buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ma’naviy xazinani ko‘z qorachig‘idek asrash va uni yanada boyitish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish – barchamizning burchimizdir. Do‘ppi, chopon, atlas, adras, so‘zana, kashta, dutor, g‘ijjak, tanbur, do‘mbira, chanqovuz kabi milliy hunarmandchilik namunalari va cholg‘u asboblarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Har bir mahalla, qishloq va tumanda, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim maskanlarida Navro‘z va Mustaqillik bayramlariga bag‘ishlab, ko‘rik-tanlov va festivallarni tashkil etish kerak. Shuningdek, o‘g‘il bolalarni er yigitning qanoti bo‘lgan ot bilan do‘stlashib, mard va jasur bo‘lib kamol topishi uchun yoshlar o‘rtasida ot sportini ommalashtirish zarur.

Ayniqsa, qorabayir zotli otlar yoshlarimiz uchun g‘urur timsoliga aylanishi lozim. Shu maqsadda har bir viloyat va tumanlarda “Chavandozlar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yaqinda Germaniyada ot sporti bo‘yicha bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqada samarqandlik maktab bitiruvchisi Abdurahmon Abdullayev ikkita yo‘nalishda oltin va kumush medallariga sazovor bo‘ldi. Xalqaro miqyosdagi yutuqlari uchun bu o‘g‘limiz “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Bunday mohir chavandozlarni ko‘paytirish uchun tuman, viloyat va respublika miqyosida ot sporti musobaqalari, shuningdek, uloq-ko‘pkari, chavgon, poyga kabi milliy o‘yinlar tashkil etiladi. Viloyat va tumanlar hokimlari hamda Milliy gvardiya qo‘mondoni bu ishlarni tashkil etishga shaxsan mas’ul bo‘ladi.

To‘rtinchidan, katta mamnuniyat bilan aytish kerakki, 100 nafardan ortiq yoshlarimiz keyingi oyda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va Paralimpiya musobaqalarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ularning vakillari ham ushbu uchrashuvimizda ishtirok etmoqda.

Fursatdan foydalanib, iste’dodli sportchilarimizga barchamiz birgalikda yutuq va zafarlar tilab qolamiz.

Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish haqida gap ketganida, bir muammoni aytib o‘tish lozim. Hududlardagi ko‘plab sport inshootlari asosan tuman va shahar markazlarida joylashgani bois chekka qishloqlarda yashaydigan yoshlar bu imkoniyatlardan foydalana olmayapti. Shu sababli joylarda sport to‘garaklarini tashkil etayotgan murabbiylarga inventar sotib olish uchun subsidiya ajratiladi, bo‘sh turgan binolar imtiyozli asosda ijaraga beriladi. Shuningdek, kamida 100 nafar yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga erishgan murabbiylarga byudjetdan oylik to‘lash tartibi joriy etiladi.

Turizm va sport vazirligi ikki oy muddatda olis hududlarda yoshlar uchun yengil konstruksiyali va sendvich panelli sport inshootlarini barpo etish bo‘yicha har bir tuman kesimida Hukumat dasturini ishlab chiqib, namunaviy loyihalar taqdimotini o‘tkazsin.

Beshinchidan, yurtimiz tarixiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarga juda boy. Lekin, olis va chekka hududlardagi aksariyat yoshlarimiz Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Termiz, Qo‘qon, Marg‘ilon, Toshkent kabi qadimiy shaharlarimizni ko‘rmagan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuning uchun ichki turizmni rivojlantirish dasturlari doirasida yoshlarning ta’til paytida respublikamiz bo‘ylab sayohatlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Shuningdek, yoshlarimizni tabiatimiz durdonalari bo‘lmish – Chotqol, Zomin, Surxon, Nurota, Qizilqum qo‘riqxonalariga sayohatlarini yo‘lga qo‘yish zarur.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim!

Men bugun sizlarning intellektual, ma’naviy va jismoniy salohiyatingizni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlarimizning faqat ayrimlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdim, xolos. Hammamiz tushunamizki, oldimizda turgan ulkan vazifalar yana yangi dastur va rejalar qabul qilishni talab etadi. Joylarda vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar sizlar bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazib, fikr va takliflaringizni muntazam eshitib boradi. Ana shunday samarali tizim asosida yoshlarimizning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni doimiy tarzda davom ettiramiz.

Ko‘rib turibsizlarki, sizlar bilan birgalikda bajaradigan ishlarimizning ko‘lami keng, miqyosi juda ulkan.

Biz sizlarning aql-zakovatingiz, kuch-g‘ayratingiz, kelajakka ishonchingiz, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatingizga tayanib, marrani nihoyatda baland oldik. Ushbu vazifalarni barchamiz birgalikda muvaffaqiyat bilan amalga oshirishimizga ishonchim komil, albatta.

bugungi kunda ko‘pmillatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, O‘zbekistonning yangi Uyg‘onish davrini yaratish yo‘lida belini mahkam bog‘lab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yo‘lda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qo‘shilayotgan yoshlarimiz – asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir.

Sizlar tom ma’noda yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorisiz!

Mashhur shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlikdagi kuch-g‘ayratni el-yurtiga baxsh etgan yigit-qizlardan Vatan ham, xalq ham, yoshlikning o‘zi ham rozi bo‘ladi.

Hammangizga ana shunday ulkan baxt, ulkan sharaf nasib etsin!

Sizlarni bugungi go‘zal bayram – Yoshlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat va yangi zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Президент Шавкат Мирзиёев