22/06/2021

2021 yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisini 2021 yil 25 iyun kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi SenatiningAxborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, qon donorligi sohasini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida, oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish haqidagi masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga ko‘maklashish maqsadiga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati hamda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan mahallalardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va sohaga oid belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

O‘zA

Олий Мажлиси Сенати