Muqaddam aholi foydalanuvida bo'lgan, biroq 2016 yildan buyon yaroqsiz bo'lib, tashlandiq holatga kelib qolgan suv havzasi rekonstruktsiya qilinib, 1 iyunь – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan foydalanishga topshirildi.
Tadbirda so'zga chiqqan viloyat hokimi G'ofurjon Mirzayev bugun Muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida oldimizga katta maqsadlar, ulkan marralarni qo'yganmiz, eng oliy maqsad aholi roziligiga erishish ekanligini ta'kidladi. Bolajonlarni bayram bilan tabriklab, ularga eng ezgu tilaklarini yo'lladi.
Piyodalar yo'lakchasi, veloyo'lakcha hamda qumli to'shamalar bilan o'ralgan hovuz atrofi yangicha qiyofa kasb etdi.
Mazkur kompleks 24 soat faoliyat ko'rsatishi uchun zarur bo'lgan quyosh batareyali 90 ta tungi yoritish chiroqlari bilan ta'minlandi.
Madaniy hamda ko'ngilochar tadbirlarni ochiq havoda o'tkazishga mo'ljallangan maxsus sahna (amfiteatr), 5 ta yengil tipdagi savdo do'konlari qurilgan hamda tashlandiq holatdagi 2 ta bino ta'mirlanib, xizmat o'rsatish uchun tayyor holga keltirilgan. Ulardan birida “bookcafe” shaklidagi kutubxona faoliyati yo'lga qo'yilgan.
Eng e'tiborlisi Do'stlik kanaliga 2 ta kater keltirilib, dam oluvchilar uchun kanal bo'ylab sayr qilish imkoniyati yaratildi.
Suv havzasi hamda kompleksda yengil konstruktsiyali hojatxona, cho'milish xonasi va kiyim almashtirish xonalari zamonaviy tipda qurilgan.
Shuningdek, 10.500 metr kv. maydon ko'kalamzorlashtirildi, 2 mingdan ziyod manzarali daraxt ko'chatlari o'tqazildi. Ushbu bunyodkorlik ishlari uchun tadbirkorlar tomonidan 2 mlrd.so'm mablag' sarflandi.
Kompleksda “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 30 dan ortiq ayollar va yoshlar tibbiy, sanitar, ijtimoiy va boshqa sohalarda ish bilan ta'minlandi.
Barchangizga ma'lumki, muhtaram Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan aholini ayniqsa, yoshlarimizni bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib kelinmoqda. Aholi bandligini oshirishga yo'naltirilgan bir qator maqsadli kompleks dasturlar ishlab chiqilib, ushbu dasturlar pirovard natijada aholi daromadlari va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Birgina joriy yilning o'tgan davrida viloyat bo'yicha 15,6 mingdan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilgan bo'lsa, ularning 9,8 mingtasi yoki 62,1 foizi bevosita yoshlar uchun tashkil etildi. Ularning aksariyat qismini kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari tashkil etdi.
Yoshlarni ishga joylashtirishda joylarda o'tkazilayotgan “Bo'sh ish o'rinlari va vakant lavozimlari” yarmarkalarining o'rni va roli katta bo'lmoqda.
Xiyobon tantanali ochilish marosimida “Bo'sh ish o'rinlari va vakant lavozimlari” yarmarkasi ham o'tkazildi.
Mehnat yarmarkasida viloyatning barcha tuman (shahar)laridan 60 ga yaqin korxona va tashkilot, yirik fermerlar va xususiy tadbirkorlar mavjud 1500 dan ortiq bo'sh ish o'rinlari bilan qatnashdilar.
Yakunda 113 nafardan ziyod ishsiz fuqarolarga ishga joylashtirish, kasb o'quvga yuborish, haq to'lanadigan jamoat ishlariga yo'llanmalar berildi.
“Besh tashabbus xiyoboni” kompleksi ochilishiga bag'ishlangan bayram tadbirining ikkinchi qismi galakontsert dasturiga ulanib ketdi.
Kontsert dasturidan estradamizning yorqin yulduzlari chiqishlari o'rin oldi. Bayram tadbirlarida mushakbozlik tomoshalari ham bo'lib o'tdi.