29/09/2026

Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistikani rivojlantirish - 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda roʻyxatga olish maʼlumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmuni va mohiyatiga bagʻishlangan seminar – trening oʻtkazildi.

Unda boshqarma boshligʻi U.Elmuratov mazkur hujjatning asosiy maqsadlari, “Statistikani rivojlantirish - 2030” milliy strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalaridan samarali foydalanish, biznesni roʻyxatga olishni tashkil etish, maʼlumotlarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda statistika tizimini takomillashtirishga qaratilgan boshqa islohotlar yuzasidan soʻz yuritdi.

Yakunda statistika tizimi xodimlari zimmasiga ushbu Farmon bilan yuklatilgan barcha topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Shundan soʻng, soʻzni Milliy statistika qoʻmitasi Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit statistikasi boshqarmasi boshligʻi S.Xasanov oldi va Sirdaryo viloyatida biznesni roʻyxatga olish tadbirini tashkil etish va unga tayoyrgarlik koʻrish masalasiga toʻxtalib oʻtdi.

Jumladan, roʻyxatga olish ishlarida amaliy yordamga davlat organlari va tashkilotlarini jalb qilish, bu yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish, idoralararo maʼlumot almashinuvi, sifat standartlari va statistika dasturlari doirasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi takidlandi.

Shuningdek, intervyuyerlarning soʻrov jarayonidagi vazifalari, respondentlarga savollarni toʻgʻri qoʻyish, olingan maʼlumotlarni planshetga toʻgʻri va aniq kiritish hamda soʻrov jarayonida boshqa talablarga rioya etish boʻyicha amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.  

Tadbirda boshqarma rahbariyati, boshqarma va tuman (shahar) statistika boʻlimlari xodimlari ishtirok etdi.