Boshqarma masʼullari tomonidan Sirdaryo viloyat tarixi va madaniyat davlat muzeyi xodimlari hamda muzeyga tashrif buyuruvchilarga “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi OʻRQ-707-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining tegishli moddalari boʻyicha tushuntirishlar berildi. Jumladan, rasmiy statistika, milliy statistika tizimi, rasmiy statistikani tayyorlovchi, statistika maʼlumotlari va boshqa tushunchalarga izoh berildi. Davlat statistika organlarining huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, birgalikda tashkil etilgan tadbirda Adliya vazirligida 3906-raqam bilan davlat roʻyxatiga olingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrugʻi haqida soʻz yuritildi. Hujjat bilan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati endilikda Korrupsiyaga qarshi sertifikatlashtirish milliy menejment tizimi doirasida baholanishi va uning natijalariga koʻra sertifikatlashtirilishi nazarda tutilganligi qayd etildi. Yuqori reyting baho olish uchun ikkala tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi ishlar qanday tashkil etilganligi haqida fikrlar almashildi.
Oʻz navbatida muzey xodimlari unda yigʻilgan eksponatlar tarixi bilan tanishtirib oʻtdilar. Shubhasiz, bu kabi yondashuv davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga va fuqarolarning davlat organlari faoliyati haqidagi huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.






