03/07/2026

      2026-yil 3-iyul kuni viloyat statistika boshqarmasida “Huquqiy bilimlar kuni” doirasida Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1155-son Qonuni hamda “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmuni va mohiyati haqida oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi. Unda, boshqarma bosh yuriskonsulti K.Gaynazarova mazkur hujjatlarning maqsadi, mazmuni va ahamiyati boʻyicha tegishli tushuntirishlar berib oʻtdi.
     Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi sakkizinchi boʻlimi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan toʻldirilganligi va korrupsiyaga oid jinoyatlar roʻyxati belgilanganligi, pora olganlik yoki pora berganlik va pora olishda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qoʻllash taqiqlanganligi, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilganligi va boshqa muhim yangiliklar haqida soʻz yuritildi.
     Shundan soʻng, maʼruzachi Oʻzbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonunning statistika maʻlumotlari, ulardan foydalanish tartibi va maxfiylikni taʻminlash moddalari boʻyicha batafsil toʻxtalib oʻtdi.