Joriy yilning 23-oktabr kuni Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir aholining 2026-yilda o‘tkaziladigan “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” jarayoniga oid bilim va tushunchalarini kengaytirish, shuningdek, fuqarolar uchun ochiq muloqot maydonini yaratish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga ro‘yxatga olishning maqsad va vazifalari, uning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati, shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash choralari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Statistika boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida ochiq savol-javoblar o‘tkazilib, ro‘yxatga olish jarayoni amaliy tarzda namoyish etildi. Bu esa fuqarolarga jarayonning bosqichlari va unda qo‘llaniladigan zamonaviy usullar haqida yanada aniq tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday ochiq muloqotlar aholining xabardorligini oshirish, ishonchni mustahkamlash hamda ro‘yxatga olish tadbirida faol ishtirokni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.



