15/10/2025

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF-173-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yilda o‘tkaziladigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

   Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

 

   Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi Aholi turmush darajasi statistikasi va kambag‘allikni baholash boshqarmasi boshlig‘i U. Madaminov hamda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari R. O‘razbayev olib bordilar.

   Tadbirda Guliston davlat universitetining professor-o‘qituvchilari, viloyat mahalla uyushmasi mas’ul xodimlari, shuningdek boshqarma hamda tuman va shahar statistika bo‘limi boshliqlari ishtirok etishdi.

 

   Seminar davomida ishtirokchilarga 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining maqsad va vazifalari, ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etish tartibi, elektron tizimlardan foydalanish, so‘rov varaqalarini to‘ldirish tartibi hamda ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonlari haqida batafsil tushunchalar berildi.

   Shuningdek, ro‘yxatga oluvchilar va nazoratchilarning mas’uliyati, aholining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, axborot xavfsizligi, aholi bilan muloqot qilish madaniyati hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

   Tadbir yakunida seminar qatnashchilariga ro‘yxatga olish jarayonida faol ishtirok etish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, kelgusi ishlar uchun aniq yo‘nalishlar belgilab oldilar. Berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.

   Mazkur o‘quv seminari orqali mutasaddi tashkilotlar vakillarining bilim va amaliy ko‘nikmalari mustahkamlanib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini yuqori saviyada tashkil etish uchun muhim asos yaratildi.