Joriy yilning 24- mart kuni o‘tkazilgan ushbu davra suhbatida Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi xodimlari, texnikum o‘qituvchi va talabalari ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilarga Viloyat statistika boshqarmasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi G‘.Sanginov aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishning asosiy maqsadi, mazmun-mohiyati, hamda jarayonni tashkil etishning tartibi, respublikamizda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kerakligi, ushbu tadbirni o‘tkazishda targ‘ibot tashviqot ishlari davom etayotganligi va ushbu tadbirni o‘tkazishga puxta tayyorgalik olib borilayotganligi yuzasidan batafsil ma’lumotlarni berdi.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri asosida, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, yashash sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planishi, bundan tashqari, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantirilishi, aholini bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.
Davra suhbati yakunida aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha berilgan maʼlumotlar asosida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi va ularni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.