09/11/2022

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022- yil 28- sentabrdagi 539-son qarori bilan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish va uning asosida davlat xizmatini ko‘rsatish sohasida bir qator yangiliklar joriy etildi.

Korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish xizmati shu kunga qadar an’anaviy shaklda (amalda 15 kunda), ya’ni foydalanuvchilarning murojaatlariga asosan shartnoma tuzish orqali ko‘rsatilar edi.

Mazkur qaror bilan, ma’lumotlarni inson omili aralashuvisiz davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn rejimda olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, korxona va tashkilotlar to‘g‘risida olish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati 8 tadan 16 turga ko‘paytirildi.

Shu bilan birga, Davlat statistika qo‘mitasining veb-sayti orqali korxona va tashkilotning STIR kodini kiritgan holda real vaqt rejimida yuridik shaxs to‘g‘risida bepul ma’lumotlar olishning amaldagi tartibi saqlab qolindi.

Bundan tashqari, yuridik shaxsning asosiy faoliyat turi va unda ishlayotganlarning o‘rtacha yillik soni o‘zgarganda – yillik statistika hisoboti bilan bir qatorda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar, jumladan Davlat xizmatlari markazlari orqali quyidagi hollarda o‘zgartirish belgilandi:

yuridik shaxs yangi tashkil etilgan vaqtda asosiy faoliyat turi (IFUT) kodini biriktirishda yoki xodimlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotni to‘ldirishda noaniqlikka yo‘l qo‘yilgan deb hisoblanganda;

yuridik shaxs faoliyat ko‘rsatmayotganda, qo‘shib olish yo‘li bilan qayta tashkil etilganda, belgilangan tartibda faoliyati tiklanganda;

ma’lumotlarni real vaqt rejimida shakllantirish va ularni elektron shaklda qisqa muddatda yuklab olish imkoniyatini yaratish orqali amaldagi ma’lumotlarning ommabopligi va foydalanuvchilar qamrovini oshirishga erishiladi;

ma’lumotlarni olish tartibi osonlashtiriladi, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarni oldi olinadi hamda ma’lumotlarni olish uchun shartnomani rasmiylashtirish va banklar orqali to‘lovlarni amalga oshirish amaliyotidan voz kechiladi.

Bundan tashqari, taqdim etilayotgan ma’lumotlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda davlat organlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.