19/09/2024

     O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 5- noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5282-son qaror ijrosini ta’minlash hamda statistika tizimi xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi markaziy apparati va hududiy boshqarmalari oʻrtasida sportning mini-futbol turi boʻyicha “Direktor kubogi” musobaqasi boshlandi.

     Mazkur musobaqada Statistika agentligi sport targʻibotchisi boshchiligida qur’a tashlash yoʻli bilan oʻzaro raqiblar aniqlandi, hamda hakamlar tomonidan mini-futbol oʻyin qoidalariga ko‘ra nazoratga olindi.

     2024- yilning 19- sentabr kuni Toshkent shahrida sportning mini-futbol turi bo‘yicha Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar Statistika boshqarmalari hamda Statistika agentligining markaziy apparati xodimlaridan iborat bo‘lgan jamoalar ishtirok etishdi.

     Dastlabki saralash o‘yinida Sirdaryo viloyati Statistika boshqarmasi jamoasi 2-1 hisobida Toshkent viloyati Statistika boshqarmasi jamoasini mag‘lubiyatga uchratib g‘alaba qozondi. So‘ngra, Statistika agentligining markaziy apparati jamoasi 7-0 hisobida Toshkent shahar Statistika boshqarmasi jamoasini mag‘lubiyatga uchratib g‘alaba qozondi.

 

     Qizg‘in va shiddatli tarzda o‘tgan saralash bosqichining yakuniy o‘yinida Statistika agentligining markaziy apparati jamoasi 5-2 hisobida Sirdaryo viloyati Statistika boshqarmasi jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, musobaqaning yarim final bosqichiga yo‘l oldi.

     Musobaqada faol ishtirok etgan jamoalarga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

     Musobaqaning keyingi o‘yinlari joriy yilning 20- sentabr sanasida Farg‘ona shahrida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyati statistika boshqarmalari xodimlaridan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.