07/08/2023

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholi to‘g‘risida to‘la va ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida” gi qonuni qabul qilindi.

Qonunning asosiy maqsadi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonun 5 bob 31 moddadan iborat bo‘lib, 23-moddasi bevosita shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibini belgilaydi.  

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi. Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.  

Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin. Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi.

Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi. Aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanadi.

Ushbu tadbir Demografik statistikali tadbir bo‘lib, aholi va uning alohida guruhlarining miqdori, tarkibi, joylashishi va takror barpo bo‘lishi haqidagi statistik uslub asosida ma’lumotlar to‘plash, ularni qayta ishlash va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Demografik statistika aholining demografik holati, ya’ni tug‘ilish, o‘lish, nikoh va ajralish, aholining tabiiy o‘sishi haqidagi raqam ko‘rsatkichlar yig‘indisidan iboratdir. Demografik jarayonlarni mamlakat hayotining barcha sohalariga ta’siri bor. Avvalo, ushbu ma’lumotlar aholining mehnat bilan bandlik hamda ishsizlik darajasining miqdoriga, yalpi ishlab chiqarishning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromad ko‘rsatkichlariga, uy-joy bilan ta’minlash, pensiya va nafaqa ta’minotining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Qariyb 30 yildan ortiq davr mobaynida mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmaganligi bois, demografik statistika
1989-yildagi aholini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda tuzilmoqda.

Aholini ro‘yxatga olish asosan quyidagi savollarga javob toppish lozim bo‘ladi; doimiy aholi soni, ijtimoiy-demografik xususiyatlar (yoshi va jinsi), aholining yashash sharoitlari, migratsiya, aholining nikoh holati, fuqaroligi, ta’lim darajasi, tillarni bilishi, daromad manbalari va bandligi. Zero, ushbu savollarga javob topilganda bog‘cha, maktab, shifoxona, madaniy-maishiy inshootlar va ishlab chiqarish obyektlari yaratish hamda qurish, mamlakatning ertasi haqidagi rejalarni tartibga solish mumkin bo‘ladi. Oldimizga qo‘yilayotgan barcha savollarga javob topish, tadbirni yumshoqlik bilan o‘tkazish uchun albatta, uni amalga oshiruvchi maxanizm shakllantirilishi va ular zimmasiga aniq maqsadlar qo‘yilishi lozim. Bugun shakllantirilayotgan tizim aynan ana shu maqsadda tuzilgan. Jumladan, Respublika, statistika agentligi va hududiy komissiyalardan tashqari, asosiy ishni bajaruvchi quyi bo‘g‘inlarning ishlash tizimi va shakllari puxta o‘ylab chiqilgan.