Faqat taxminlarga tayanib ish ko‘rgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgo‘ylik ma’lum jabxalardagina zarur. Aniq statistika esa xar sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish o‘rinsiz. Ayniqsa xozirgi tez o‘zgarib borayotgan zamonda. Bugun biz statistika, ya’ni aholini ro‘yxatga olish haqida fikrlashmoqni lozim toptik. Zero, yaqin yillarda mamlakatimizda mana shunday muhim tadbir o‘tkazilishi lozim va unga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Xo‘sh bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqida juda ko‘p gapirilmoqda?
Aholini ro‘yxatga olish butun jahonda bo‘lgani kabi biz uchun ham juda zarurdir. Chunki mamlakat ehtiyoji zarurati aynan ana shunga qarab belgilanadi. Qay manzil, makonda ko‘rilajak bog‘cha, maktab, ishlab chiqarish korxonalari qanday bo‘lishi va sig‘imi haqida mana shu raqamlar orqali javob olinadi.
Masalan bugungi kunda viloyatimizda 904 865 nafar aholi istiqomad qiladi. Ulardan 138 016 nafari olti yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Demak maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishida bu raqam e’tiborida bo‘lishi shart. 174 594 nafarga yaqin maktab yoshidagilar bo‘lib, o‘qituvchi - mutaxassislarni jalb etishda maktablar va boshqa ta’lim tarbiya muassasalari qurilishida ushbu raqamlarga katta e’tibor beriladi. Viloyatdagi 509 594 nafar aholi 19 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lib, ular aynan ishlaydigan mehnat qiladigan davrda. Ishlab chiqarish korxonalari qurilishida ularni hisobini olib ish tutish lozim. Zero, bugun iqtisodiy salohiyatni ko‘tarishda aynan mana shu yoshdagilarning o‘rni katta.
Bugun hayot aniq hisob-kitoblar asosiga qarab ko‘rilayotir. O‘z - o‘zidan reja va dasturlarning manzilligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi ma’lumotlarning aniq va ishonchliligiga bog‘liq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti o‘lchab, bir kesmoqni nasixat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay, sakkiz demang!
Aholi ro‘yxatlari – mamlakat yoki muayyan hududda ma’lum vaqt yoki davrda yashayotgan aholining demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarining jarayoni to‘plami. Aholi ro‘yxatlari ilmiy talablarga hamda amaliyot ehtiyojlariga javob berish, aholi soni, tarkibi va joylashishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida o‘tkaziladi.
Aholi ro‘yxatlarini o‘tkazish bo‘yicha bir qancha ilmiy tamoyillar mavjud. Ularning ichida jami voqea va hodisalarni qamrab olish tamoyili eng muhimi hisoblanib, ro‘yxat o‘tkazilayotganda muayyan joydagi jami aholi qamrab olinishi shart. Aholi ro‘yxatiga demografiya belgilari (jinsi, yoshi, oilaviy holati), iqtisodiy belgilari (mashg‘uloti, iqtisodiy faoliyat sohasi yoki turi), ma’lumoti (savodliligi, maktabga borishi), etnik alomatlari (millati, tili, ba’zan dini) va hokazo ma’lumotlar olinadi. Ushbu ma’lumotlar vaqt va hudud doirasida taqqoslashga yaroqli bo‘lishligi uchun, jami aholiga bir xil mazmundagi savollar taqdim qilinishi kerak, ya’ni mamlakat miqyosida aholi ro‘yxatlari yagona dastur asosida o‘tkazilishi shart. Bunda BMT tomonidan berilgan tavsiyalarga tayaniladi. Aholiga tegishli ma’lumotlar aniq bo‘lishligi uchun ularni har bir kishidan shaxsan olinadi. Ro‘yxat odamlarning o‘z joyida muqim yashab turgan davrida, ya’ni asosan qisqa muddatda, bir necha kun yoki hafta mobaynida o‘tkaziladi, lekin barcha ma’lumotlar kritik (jiddiy) lahzasi (odatda ro‘yxatga olishning birinchi kuni) da olinadi, shungacha o‘lganlar va tug‘ilganlar ko‘rsatilmaydi. Javoblar ro‘yxat varaqalariga yagona nusxada yoziladi. Aholi ro‘yxati aholi soni va tarkibi haqidagi ma’lumotlarni ma’lum bir sanaga mo‘ljallab berishi lozim. Shartni bajarish uchun ro‘yxat o‘tkazish bo‘yicha sana va vaqti aniq ko‘rsatilishi kerak. Mazkur vaqt ro‘yxatga olishning kritik lahzasi deyiladi.