Ko‘p borada ta’kidlanganidek, korrupsiya bu - davlat va jamiyatning rivojiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavfli jinoyat hisoblanadi.
Shu sababdan ham mamlakatimizda ushbu jinoyatning kelib chiqish xavfini oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Viloyat statistika boshqarmasi tomonidan statistika tizimi va tizimga aloqador sohalarda O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarga muvofiq, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, qonunchilik, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartib qoidalarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Viloyat statistika boshqarmasida 9 dekabr - xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.Unda Halq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiya raisi A.D.Abdullayeva hamda tizim xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida, yurtimizda statistika tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amaliyotga tatbiq etilgan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, korrupsiyani oldini olish va unga chek qo‘yishga oid amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda kelgusidagi vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Yakunda, yig‘ilish ishtirokchilaridan hudud ish faoliyatiga oid anonim so‘rovnomalar olindi.
Ma’lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab “9 dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanmoqda. Ushbu kunda BMTning “Korrupsiyaga qarshi konvensiya”ni tan olgan, a’zosi hisoblangan davlatlarda turli tadbirlar va aksiyalar uyushtiriladi, plakat va tarqatma materiallar chop etiladi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasidagi axborotlar faollashadi.