16/09/2025

   Joriy yilning 16-sentabr kuni viloyat statistika boshqarmasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash maqsadida Guliston davlat pedagogika institutida “Qiziqarli statistika” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

   Mazkur davra suhbatida viloyat statistika boshqarmasi bo‘limi mutaxassislari, institut o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.

   Davra suhbatida dastlab Xizmatlar va savdo sohasi statistikasi bo‘limi boshlig‘i A.Kurbanov so‘zga chiqib, xizmatlar sohasi statistikasi koʻrsatkichlarini shakllantirish, ularni yig‘ish va tahlil qilish jarayonlari haqida batafsil ma’ruza qildi. Shuningdek, Inson resurslarini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Axmedov oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini bugungi kunda ishga qabul qilish tartibi, statistik organlardagi vakant lavozimlar, nomzodlarga qo‘yiladigan malaka talablari yuzasidan tushunchalar berdi.

   Davra suhbati qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Yakunda talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar tinglandi, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.