Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ma’lum bir belgilangan davrlarda aholini ro‘yxatga olib boradi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897- yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980- yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989- yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasining aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015- yil 10- iyunda “2020- yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar mazkur 10 yillikda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. Hozirda MDH mamlakatlarining aksariyatida aholini ro‘yxatga olish ishlari yakunlandi.
O‘zbekistonda ham aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bunga 2020- yil 16- mart kuni qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?
Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, yashash sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi. Mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi.
O‘z navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.
Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda qo‘l keladi.
Amaldagi joriy hisobga ko‘ra, 2023- yilning 1- iyul holatiga Sirdaryo viloyatining doimiy aholisi soni 904,8 ming kishini tashkil etib, shundan shahar aholisi soni 390,1 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 43,1%), qishloq aholisi soni 514,7 ming kishini (56,9%) tashkil etdi. Jami aholimizning 50,2 foizini erkaklar, 49,8 foizini esa ayollar tashkil etdi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi daromadlarini oshirish va ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan bir paytda, aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq hulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.
Shuning uchun ham Prezidentimizning tegishli Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq respublikamizda aholini ro‘yxatga olishga puhta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Aholini ro‘yxatga olishni yana bir jihati bilan muhim. Unga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida hududlarning xaritalari yangilanadi, mahallalarda mavjud nomlanmagan ko‘chalar nomlanadi, aholi punktlaridagi aholi yashayotgan turar va noturar joylar ro‘yxati tuzib chiqiladi, raqamlanmagan xonadonlar raqamlashtiriladi.
Yanayam aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Maqsad aniq, rejalar qat’iy. Amaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan. Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish Kontseptsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Kontseptsiya asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Huzuridagi Statistika agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan so‘ng 2020- yil 16- mart kuni qabul qilindi. Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan. Asosiy printsiplardan biri sifatida davriylik printsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Yana bir muhim printsiplardan biri, bu shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya’ni respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o‘tilgan. Shuningdek, Qonunda, aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Huzuridagi Statistika agentligi tomonidan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini ro‘yxatga olishning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha axborot-targ‘ibot ishlari ham izchil davom ettirilayapti. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.