11/08/2023

Joriy yilning 11-avgust kuni Viloyat statistika boshqarmasida tizim xodimlari o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida ekstremizm, terrorizm, ommaviy madaniyat, giyohvandlik kabi ma’naviy tahdidlarga qarshi kurashish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik kabi salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.

   Oʻzbek xalqining oʻtmishi va bugungi kuniga teran nazar tashlagan har bir inson borki, bir holatdan hayratga tushadi. Oʻz boshidan ne-ne bosqinlar, qatagʻonlarni boshidan oʻtkazgan xalq qanday qilib oʻzining yuksak qadriyatlari, ma’naviyatini saqlab qola oldi ekan? Milliy an’ana va udumlari shafqatsizlarcha tazyiqqa uchragan zamonlar silsilasidan mardona chiqqan xalqning matonati, irodasiga tan bermasdan iloji yoʻq.

   Dunyo tamadduniga ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan, zoʻravonliklardan omon chiqqan milliy-maʻnaviy qadriyatlar, yuksak axloqiy fazilatlar keng quloch yoyayotgan texnologik inqilob, axborot kommunikatsiyalari asrida yemirilayotgani, olomon madaniyatining ortidagi ulkan kuchlar tomonidan yoʻq qilib tashlashga urinilayotgani ham bor gap. Shu bois bugungi kunda oltinga teng ma’naviyatimizni asrab-avaylash dolzarb vazifaga aylangan. Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi tomonidan aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilab olingan.

   Aholining keng qatlamini sogʻlom turmush tarziga, bunyodkorlik, halollikka chaqirish orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish mumkin, deydi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari B.Maxkamov. Ongi, tafakkuri yuksak, maʻnaviy gʻoyalar bilan sugʻorilgan inson oʻzganing haqqiga xiyonat qilmaydi.

   Haq gap. Halollik, peshona teri orqali tirikchilik qilishni kasb qilgan, ota-ona oʻgitlariga, oilasi va vataniga sadoqatli insondan jinoyatchi chiqmaydi. Bunday insonni tarbiyalash uchun nafaqat oila, balki butun boshli jamiyat oyoqqa qalqishi zarur. Statistika boshqarmasi shu jihatni eʻtiborga olgan holda, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish maqsadida viloyat hokimligi, Ma’naviyat-ma’rifat markazi, Axborot-kutubxona markazi, Viloyat ichki ishlar boshqarmasi kabi idoralar bilan hamkorlikda yil boshidan buyon bir qancha tadbirlar oʻtkazildi.

   Davra suhbati davomida boshqarmaning tarmoq boʻlimlari boshliqlari A.Mamatqobilov, A.Qurbonovlar soʻzga chiqishdi.