Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

–Viloyatda ta’lim sohasi salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi. Xususan, kelgusi besh yilda 31 ta davlat va davlat-xususiy sheriklik, 209 ta oilaviy bog‘cha tashkil etiladi. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lmagan 8 ta mahallada 60 ta oilaviy bog‘cha ochiladi. Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba va Xovos tumanlari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovi miqdorini ikki barobar pasaytirish bo‘yicha berilgan imtiyoz 2025 yilgacha uzaytiriladi.  

Bu ishlar hisobiga, maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan – 90 foizga yetkaziladi.Umuman, kelgusi besh yilda o‘rta maktablarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangi dastur qabul qilinadi.  

Dastur doirasida, maktab binolarini qurish, jihozlash va sanitar  talablar ilg‘or xorijiy tajribalar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.  

Shuningdek, o‘quvchilarning kun davomida vaqtini mazmunli o‘tkazishni nazarda tutuvchi alohida o‘quv va to‘garaklar dasturi ishlab chiqiladi.Bunda Sirdaryo viloyati namuna bo‘ladi.  

Buning uchun Sirdaryodagi maktablarni ta’lim va tarbiya klasteriga aylantiramiz. Bu yerda o‘quvchilar ta’lim olish bilan birga, sport bilan shug‘ullanishi, Ay-Ti texnologiyalari va zamonaviy kasblarni, musiqa va san’atni o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.  

Ushbu yangi tajribani Guliston va Yangiyer shaharlari, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sirdaryo va Xovos tumanlarida yangi quriladigan 22 ta maktabda boshlaymiz,– dedi Shavkat Mirziyoyev.  

 

O‘zA