Welcome to sirstat.uz   Click to listen highlighted text! Welcome to sirstat.uz Powered By GSpeech

Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxslar, tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxslarning alohida bo‘linmalari va notijorat tashkilotlar diqqatiga!!! 1-K shakli (oylik) tashkilot faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni hisobot davridan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmay taqdim etishni unutmang!!!

 Maʼlumki mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga qonuniy faoliyat yuritishlarini ragʼbatlantirish maqsadida bir qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 8 -iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʼzini oʼzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qarori ham shular jumlasidandir.

Qarorga asosan jismoniy shaxslar 67 ta faoliyat turidan istalgani bilan shugʼullanishi va buni qonuniy roʼyxatdan oʼtkazishlari mumkin, - deydi Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Jismoniy shaxslarga xizmat koʼrsatish boʼlimi boshligʼi Аbror Bekmatov. – Jumladan chorva mollarini oʼtlatish, ularga qarab turish, jismoniy shaxslarga kompyuterlarni taʼmirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy taʼminot oʼrnatish, velosipedni taʼmirlash, mexanizatsiya vositalarini qoʼllamay bajariladigan yuk ortish, yuk tushirish ishlari bilan shugʼullanuvchi shaxslar oʼzini oʼzi band qilgan fuqaro sifatida roʼyxatdan oʼtishlari mumkin. Qarorning amaliyotga joriy etilishi natijasida bugungi kunda viloyatimizda 400 nafardan ortiq oʼzini oʼzi band qilgan fuqarolar roʼyxatdan oʼtdi hamda ularning bandligi taʼminlandi.

Oʼzini oʼzi band qilgan shaxslarga bir qator qulayliklar va imtiyozlarning berilganligi aholida katta qiziqish uygʼotmoqda. Xususan, Soliq kodeksining 369-moddasi 9-bandiga koʼra qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda oʼzini oʼzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlar jami daromadlar tarkibiga kiritilmaydi. Bu esa oʼzini oʼzi band qilgan jismoniy shaxslarning daromadi ortishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ularning faoliyatini masofadan turib roʼyxatga olish uchun Davlat soliq qoʼmitasi tomonidan mobil ilova dasturi ishga tushirilgan boʼlib, roʼyxatga olishning ilova orqali bepul amalga oshirilishi ayni pandemiya sharoitida fuqarolar uchun birmuncha yengillik va afzallik yaratadi.

Dunyo tajribasidan sinovdan oʼtgan ushbu amaliyot orqali minglab norasmiy sektorda ishlab kelayotgan jismoniy shaxslarning faoliyati qonuniylashtiriladi. Ularga ijtimoiy soliq toʼlangan davrda ish staji hisobga olinadi hamda kelgusida pensiya taʼminotiga asos yaratiladi.

 

Ilgʼor Xalilov,

Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va

Huquqiy axborot shoʼbasi xodimi.

Tugmani bosing Tinglash