Welcome to sirstat.uz   Click to listen highlighted text! Welcome to sirstat.uz Powered By GSpeech

Mana, yangilanish fasli kelishi bilan ona-tabiatning oʼzi zaminga sayqal beryapti. Yon-atrofni yashillikka burkamoqda, daraxtlar shoxlariga gulu chechaklar taqayotir. Lekin bahor nafasiga hamohanglik zarur.Tabiatning ishiga ham koʼmak kerak. “Navroʼz”ning qadimiy falsafasi — shu! Qolaversa, bu umumxalq bayrami oldidan oʼtkaziladigan anʼanaviy xayriya hasharlarining asl mohiyatini ham yaqqol ifoda etadi.

Qadriyatda qadrimiz boʼlsin, deydi ota-bobolarimiz. Mana, oʼsha qadriyatlarimiz qadr topadigan damlarga sanoqli kunlar qoldi.

 

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan, joriy yil 14-15 mart kunlari mamlakatimiz boʼylab “Obod yurt“ umumxalq obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirish xayriya hashari oʼtkazilmoqda.

 

Eʼtibor bergan boʼlsangiz, bu yilgi hasharga alohida nom berilibdi — “Obod yurt”. Demak, kimki Vatan obodligiga munosib hissa qoʼshishni istasa, marhamat, umumxalq ishiga doxil boʼlsin!

Аslida, bunday keng miqyosli obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirish tadbirlari elning jipsligini sinovdan oʼtkazadi. Shu sababli boʼlsa kerak, necha asrlarki, bu anʼana barhayot.

 

Hashar deyilsa, yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʼlganlar belini mahkam bogʼlab ezgu ishga otlanadi, shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasining barcha ishchi xodimlari ham boshqarma atrof-muhitini obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirishga erta tongdan kirishib ketishdi. Yoshi ulugʼ ishchi xodimlar esa bir tarafda katta doshqozonda oʼzbegimning sevimli boʼlgan milliy taomlaridan palov damlashga kirishib ketishdilar.

Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati  

Tugmani bosing Tinglash